Меню

#qonunchilik_yangiliklari

21-февраль 2026, 18:20 16 просмотров
#qonunchilik_yangiliklari

⚡️15 yillik stajga ega pedagoglar uchun ipoteka badalining 25 foizi davlat tomonidan qoplanadi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-fevraldagi 69-sonli “Oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega boʻlgan pedagoglarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimiz taʼlim tizimida tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan muhim voqelik sifatida namoyon boʻldi.

Ilk bor oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega boʻlgan pedagoglar uchun ipoteka krediti boʻyicha davlat subsidiyasi joriy etilishi ustoz va murabbiylar mehnatini yuksak eʼtirof etish, ularning fidokorona xizmatini munosib ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy himoyasini yangi, sifat jihatdan yuqori bosqichga olib chiqishga qaratilgan qatʼiy siyosiy irodaning amaliy ifodasidir.

Mazkur qaror orqali oʻqituvchi va ustozlik kasbining jamiyatdagi maqomi yanada mustahkamlanib, pedagoglarning farovon turmush kechirishini taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli va tizimli mexanizm yoʻlga qoʻyildi.

Unga koʻra:

✅2026-yildan boshlab kamida 15 yil ish stajiga va oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega boʻlgan pedagoglarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari boshlangʻich badalining 25 foizini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi;

✅subsidiya olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi hamda uy-joy kadastri faoliyatini boshqarishning “Davlat xizmatlari markazlari” elektron platformasiga integratsiya qilinadi;

✅ipoteka kreditini boshlangʻich badalining 25 foizi qonunchilik hujjatlarida belgilangan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng kam miqdorlaridan kelib chiqib aniqlanadi;

✅subsidiya olish uchun kelib tushgan arizalar “subsidiya.idm.uz” elektron platformasi orqali inson omillisisiz koʻrib chiqiladi hamda subsidiya platformasi tomonidan avtomatik tarzda toʻlov platformasi orqali subsidiya toʻlanadi;

✅ushbu qarorga muvofiq ajratiladigan subsidiyalarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan har yili 200 mlrd soʻmgacha mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Qarorga koʻra, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimi)ga ega kamida 15 yil ish stajiga ega boʻlgan pedagoglar toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasini shakllantirish belgilangan.

Bizni kuzating

Facebook (https://www.facebook.com/eduuzofficial) | Instagram | (https://www.instagram.com/eduuzofficial/) YouTube (http://youtube.com/c/eduuz) | Telegram (https://t.me/eduuz)

Все новости